SMTIda "O'zbekiston va Xitoy: «Bir makon, bir yo’l» tashabbusi doirasidagi hamkorlik istiqbollari" mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Xitoyning Gansu viloyati Ijtimoiy fanlar akademiyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan bu tadbirda, Iqtisodiy tadqiqotlar markazi, Shanxay hamkorlik tashkiloti Xalq diplomatiyasi markazi va Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti vakillari ishtirok etdi.
Davra suhbati davomisa O'zbekiston va Xitoy o'rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi.
Tadbirda xitoylik mutaxassislar ta'kidlashicha, Xitoyda O'zbekistondagi keng ko'lamli islohotlarga va o'zgarishlarga qiziqish tobora o'sib bormoqda. Ularning baholariga ko’ra, O’zbekistonda fuqarolarning turmush farovonligini oshirish, mamlakatning xalqaro obro'sini va sarmoyaviy jozibadorligini yaxshilash uchun ishonchli poydevor yaratilyapti.
Shu nuqtai nazardan, XXR delegatsiyasining rahbari, Ijtimoiy fanlar akademiyasining vitse-prezidenti Ma Tinsu Toshkentning ochiq savdo-iqtisodiy siyosatini yuqori baholab, ushbu yo'nalishdagi qadamlar O'zbekistonning sarmoya kiritish uchun istiqbolli maydonga aylanishini ta'kidladi.
Shu bilan birga, ishtirokchilarning fikriga ko'ra, yuqori darajadagi strategik O'zbekiston-Xitoy hamkorligi ikki tomonlama aloqalarni yanada kengaytirish uchun yangi ulkan maqsad va vazifalarni izlashga turtki beradi. Muhim transport va infratuzilma loyihalarini faol ravishda ilgari surish, mintaqalararo savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni kuchaytirishga intilish davlatlararo aloqalarni to'liq tushunishidan dalolat beradi.
Muzokaralarda «Bir makon, bir yo’l» tashabbusi doirasidagi hamkorlik istiqbollari ham muhokama qilindi. Ta'kidlanganidek, bu tashabbus boshlangandan keyingi 6 yil ichida uning xalqaro maydondagi obro'si sezilarli darajada o'sdi. Xususan, hozirgi paytda «Bir makon, bir yo’l»ni amalga oshirishda 150 dan ortiq mamlakatlar ishtirok etadi. Loyiha 200 mamlakatdagi 600 dan ortiq portlarni o’z ichiga qamrab olgan. Shu bilan birga, xitoylik ekspertlar O'zbekistonning loyihani barcha ishtirokchilari uchun qiziqish uyg'otadigan aniq taklif va tashabbuslarni ilgari surish orqali qo'shayotgan hissasini alohida ta'kidladilar.
Tadbir yakunida tomonlar O'zbekiston va Xitoy ikki tomonlama ilmiy hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar. Bu tomonlarga yangi takliflarni ishlab chiqish va ular o’rtasidagi har tomonlama aloqalarni chuqurlashtirishga yo’rdam beradi.