Joriy yilning 17 aprel sanasida SMTIda YeXHTning kam sonli millatlar bo‘yicha Oliy komissari Lamberto Zaner bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda, shuningdek, kam sonli millatlar bo‘yicha Oliy komissar ofisi mutaxassislari Bob Din, Andrey Xanjin va Mixail Angermanlar ham ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida SMTI va kam sonli millatlar bo‘yicha Oliy komissar ofisi o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish doirasida olib borilayotgan ishlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlashga bag‘ishlangan vazifalarning mazmun-mohiyati kabi masalalar muhokama qilindi.
Oliy komissar millatlararo va konfessiyalararo munosabatlarda tinchlik va totuvlikni ta’minlash borasida O‘zbekiston Respublikasi tomonidan olib borilayotgan siyosatga yuqori baho berdi.
Lamberto Zaner Prezident Sh.Mirziyoevning Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarni yanada yaxshilash borasida ilgari surayotgan tashabbuslari mintaqa mamlakatlarida millatlararo totuvlikni mustahkamlash borasida ijobiy natijalar ko‘rsatayotganligini ta’kidladi.
Oliy komissar Qirg‘izistonga qilgan tashrifi paytida O‘zbekistonning Jizzax viloyatidagi Manas qishlog‘ining qayta qurilayotganligi Qirg‘iziston fuqorolarida katta qiziqish uyg‘otganiga shaxsan guvoh bo‘lganiga alohida urg‘u berdi.
Mutaxassislar tomonidan O‘zbekistonda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash borasida to‘plangan ijobiy tajribalarni qayd etishdi. Jumladan, Oliy Komissar boshchiligidagi delegatsiyaning Namangandagi tojik tilida ta’lim beriluvchi maktab va Farg‘ona Davlat universitetining filologiyasi fakulteti (tojik tili guruhi)ga tashrifi, xorijlik mutaxassislarda ijobiy taassurot qoldirganligi e’tirof etildi. Mutaxassislar O‘zbekistonda millatlararo totuvlikni ta’minlash yuzasidan olib borilayotgan ishlarni xalqaro miqyosda ommalashtirish zarur ekanligini ta’kidlab o‘tishdi.