Joriy yilning 26 oktyabrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida mamlakatimizda bo’lib o’tgan prezident saylovlariga xalqaro kuzatuvchi sifatida tashrif buyurgan Yevropaning Osiyo tadqiqot instituti direktori Lin Gotals bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar davomida O’zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko’lamli islohotlari va mamlakatimiz tashqi siyosati tufayli erishilgan yutuqlar haqida so’z yuritildi. Tomonlar O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.
Tadbirda Lin Gotals O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi haqidagi taassurotlari bilan ham o‘rtoqlashdi. Uning soʻzlariga koʻra, mamlakatimizda saylovga keng koʻlamli tayyorgarlik koʻrilgan va siyosiy hayotda sezilarli oʻzgarishlar kuzatilmoqda. Shuningdek, mutaxassis ta’kidlashicha, saylov natijalaridan o‘zbek xalqining islohotlar yo‘nalishini keng qo‘llab-quvvatlayotganini, hamda ijobiy o’zgarishlar mamlakatimizning barcha, hatto eng chekka hududlarida ham sezilayotganini ko’rish mumkin.
Shuningdek, uchrashda afgʻon muammosiga alohida eʼtibor qaratgan holda mintaqaviy xavfsizlik bilan bogʻliq masalalar muhokama qilindi. Ekspertga O’zbekistonning Afg‘onistondagi vaziyatni tartibga solish, davlatimizning mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta'minlashga qaratilgan sa'y-harakatlari haqida ma’lumot berildi.
L.Gotals O’zbekistonning pragmatik yondashuvlarini yuqori baholadi. Uning so’zlariga ko’ra, Afg’onistondagi vaziyat yomonlashgani sababli, Kobulga insonparvarlik yordamini ko’rsatish muhim ahamiyatga ega.
Shu bilan birga, belgiyalik ekspert O’zbekistonning Afg’onistondagi vaziyatni siyosiy jihatdan tartibga solishdagi roli ortib borayotganini inobatga olgan holda, bu yo‘nalishda Bryussel va Toshkent o’rtasidagi sheriklik yanada chuqurlashishiga ishonch bildirdi.
L.Gotals O’zbekiston va YeI o’rtasidagi munosabatlarning rivojlanish dinamikasini ham ijobiy baholadi. Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Yevropa Ittifoqining umumiy imtiyozlar tizimi (GSP+) benefitsiari maqomini olishi, shuningdek, «O’zbekiston Respublikasi bilan Yevropa Ittifoqi o’rtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to’g’risidagi» yangi bitimni ishlab chiqishda erishilgan yutuqlar ko’p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlaydi va ikki tomonlama savdoning rivojlanishiga yangi turtki beradi.
Uchrashuvda o’zaro aloqalarni yanada rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi. Xususan, tomonlar sog‘liqni saqlash, yashil iqtisodiyot, raqamlashtirish, ta’lim, shuningdek, davlat boshqaruvi kabi sohalardagi muammolarni birgalikda o‘rganishni rejalashtirmoqda.
Yevropaning Osiyo tadqiqotlari instituti Belgiyaning yetakchi tahliliy markazidir. Shtab-kvartirasi Bryusselda joylashgan. Institut faoliyati Yevropa Ittifoqi va Osiyo davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarni o’rganish, o’zaro tushunish va hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.
Keyingisi
SMTIda O'zbekiston-Ispaniya munosabatlarini rivojlantirish Assotsiatsiyasi prezidenti bilan uchrashuv bo'lib o'tdi
Joriy yilning 26 oktyabrida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida mamlakatimizda bo’lib o’tgan prezident saylovlariga xalqaro kuzatuvchi sifatida tashrif buyurgan O'zbekiston-Ispaniya munosabatlarini rivojlantirish Assotsiatsiyasi prezidenti Fernando Moragon bilan uchrashuv bo'lib o'tdi.
28.10.2021