SMTIda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo'yicha boshqarmasi (UNODC) mutaxassislari bilan uchrashuv bo'lib o'tdi. Suhbat davomida tomonlar bolalarni buzg'unchi kuchlar tomonidan vayronkor maqsadlar uchun ishlatishining oldini olish borasidagi o'zaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda mutaxassislarga O'zbekistonda bolalarning ta'lim olish, sog'liqni saqlash va ijtimoiy himoya qilish huquqi ta'minlanganligi, ularning jismoniy, intellektual va ma'naviy rivojlanishi uchun zarur sharoitlar yaratilgani haqida to’liq ma’lumot berildi.
UNODC mutaxassislari O’zbekistonning yoshlar orasida huquqbuzarliklarni oldini olish borasida qilayotgan ishalariga juda katta qiziqish bildirdilar. Shu asnoda, O'zbekistonda "Jaholatga qarshi ma'rifat" shiori ostida ekstremizm va radikalizmga qarshi kurash borasida aholining huquqiy madaniyatini oshirishga, jamiyatda dunyoviylik va dinlararo bag'rikenglik tamoyillarini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlari ta'kidlandi.
Suhbatda Prezident Sh.Mirziyoyev tomonidan shu yil mart oyida e'lon qilingan “Beshta tashabbusi”ni amalga oshirish masalalariga alohida e'tibor qaratildi. Ushbu tashabbus yoshlarning ma'naviy kamol topishi, ularni san'at va sportga qiziqtirish, shuningdek, axborot texnologiyalaridan to'g'ri foydalanish ko'nikmalarini rivojlantirish, yosh avlod o'rtasida kitob mutolaasini targ'ib qilish va ayollarni ish bilan ta'minlashga yo'naltirilganligi alohida qayd etildi.