Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti tomonidan Jazoirning Global strategik tadqiqotlar milliy instituti bilan birgalikda uyushtirilgan tadbirda yetakchi ekspertlar, diplomatik korpus va akademik hamjamiyat vakillari ishtirok etdi.
Muloqot chog‘ida tomonlar hamkorlikni kengaytirish masalasini ko‘rib chiqdilar.
Toshkent va Jazoir o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilganiga 31 yil to‘ldi. O‘tgan davr mobaynida aloqalar rivoji ijobiy sur’at namoyon etib, o‘ziga xos amaliy mazmun bilan boyidi.
Shu nuqtai nazardan ekspertlar mavjud aloqani yanada chuqurlashtirish, o‘zaro manfaatli hamkorlikni kuchaytirish uchun yangi o‘sish nuqtalari va harakatlantiruvchi omillar topish muhimligini ta’kidladilar. Hamkorlikning iqtisodiy kun tartibiga, birinchi navbatda, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, tibbiyot, turizm kabi istiqbolli sohalarga alohida e’tibor qaratildi.
Yig‘ilish ishtirokchilari ikki davlatning o‘z mintaqalaridagi geografik joylashuvi o‘ziga xos xususiyatga ega ekanligiga urg‘u berdilar. Jazoir O‘zbekiston uchun Afrika mamlakatlari bozoriga kirish eshigiga aylanishi mumkin. O‘zbekiston ham mintaqa markazida joylashgani sababli Jazoirning Markaziy Osiyo davlatlari bilan har tomonlama aloqani kengaytirishi uchun jozibador.
Bu, o‘z navbatida, mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, ikki va ko‘p tomonlama iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqani yaxshilashga xizmat qiladi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston – Jazoir hamkorligining barcha yo‘nalishlari bo‘yicha fikr almashish imkonini beradigan muntazam ekspertlar muloqotini yo‘lga qo‘yishdan manfaatdorlik ma’qullandi.
1984 yil tashkil etilgan Global strategik tadqiqotlar milliy instituti Jazoirning yetakchi tadqiqot tashkiloti bo‘lib, hozirgi xalqaro voqealar va tendensiyalarni tahlil qilish asosida davlat siyosatini ishlab chiqish yo‘lida faoliyat yuritadi. Siyosat, iqtisodiyot, yashil energiya, migratsiya, uyushgan jinoyatchilik, mudofaa va xavfsizlik sohalarining mamlakat taraqqiyotiga ta’sirini o‘rganish bilan shug‘ullanadi.
Keyingisi
SMTIda Jazoir elchisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Shu yilning 28 martida SMTI direktori Eldor Aripov Jazoirning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi etib tayinlangan Bumediyen Gennad bilan uchrashdi
28.03.2023